BOBUR “DEVON”IDAGI ALISHER NAVOIYGA BAG‘ISHLANGAN RUBOIYLAR LINGVOPOETIKASI
Abstract
“Boburnoma”da Bobur Mirzo Alisher Navoiyni yuksak hurmat bilan tilga oladi: “Alisherbek naziri yo‘q kishi edi. Turkiy til bila to she’r aytubturlar, hech kim oncha oncha ko‘p va xo‘b aytqon emas... Ahli fazl va ahli hunarga Alisherbekcha, murabbiy va muqavviy ma’lum emaskim, hargiz paydo bo‘lmish bo‘lg‘ay”. Albatta bu yuksak hurmat yoki taqdirning tuhfasimi, Bobur Mirzo Hirotga borganida, Navoiy barpo etgan imoratlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘radi: “Muncha binoyi xayrkim (xayrli maqsadda qurilgan binolar) ul (Navoiy) qildi, kam kishi mundoq muvaffaq bo‘lg‘ay... Hirida erdim, har kunda ko‘rmagan yerlarni sayr qilur edim... Badi’uzzamon Mirzoning Jo‘yi Injil yoqasidagi madrasasi va Alisherbekning o‘lturur uylarikim, “Unsiya” derlar, maqbara va masjidi jomeinikim, “Qudsiya” derlar, madrasasi va xonaqohinikim, “Xalosiya” va “Ixlosiya” derlar, hammom va dorish-shifosinikim “Safoiya” va “Shifoiya” derlar, borini andak fursatta sayr qildim”. Bobur Hirotda har kuni shaharni aylanib, Alisher Navoiy bog‘chasiyu taxti Navoiydan tortib, barcha imoratlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishga muvaffaq bo‘lganidan, mutafakkirni ko‘rgan ulug‘ zotlar bilan suhbatlashganidan va ustozi yurgan yo‘llardan yurganidan bag‘oyat baxtiyor edi! Shuningdek, Bobur Mirzo 1506 yilning kuzida Hirotda Injil arig‘i yoqasidagi Alisher Navoiyning uyida yashaganining o‘ziyoq buyuk mutafakkirga bo‘lgan yuksak e’tiqod va ixlosdan darak beradi: “Alisherbekning uylarini ta’yin qildilar. Hiridin chiqquncha, Alisherbekning uylarida edim”. Ammo bu ikki buyuk insonga hayotda bir – biri bilan uchrashish nasib etmagan.
References
1.Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburnoma. T.: O‘qituvchi, 2008.-B.32.
2.Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi. T.: “Sharq” NMAK BT, 2014.-B.649.
3.Zahiriddin Muhammad Bobur. Devon. T.: Fan, 1994.-B.144.
4. Zahiriddin Muhammad Bobir. Muxtasar. Nashrga tayyorlovchi Saidbek Hasan.T.:Fan, 1971.-B.592.
5.Zahiriddin Muhammad Bobur. Nazm durdonalar. Nashrga tayyorlovchi Hasanxo‘ja Muhammadxo‘ja o‘g‘li. T.: “Sharq”, NMK BT, 1996.-B.1996.-B.208.

